
O‘zbekistonning Fransiyadagi diplomatik vakolatxonasi vakillari Tuluza shahri merining o‘rinbosarlari J.Dardele va K.Riket bilan onlayn-muzokaralar o‘tkazdi.
Tadbirda o‘zaro hamkorlikning joriy holati va istiqbolli yo‘nalishlari, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda aviatsiya va koinot sohasidagi aloqalar faollashgani, xususan, Tuluza shahrida joylashgan aviakoinot sohasidagi «Airbus», «Thales» kabi yirik kompaniyalar va Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan samarali munosabatlar o‘rnatilgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonlik tadbirkorlarda Tuluza bilan iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida aloqalarni yanada kengaytirishga qiziqish kattaligi ma’lum qilindi.
Shahar vakillari ham O‘zbekiston bilan sermahsul aloqalar o‘rnatishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi. Joriy yil mart oyida Tuluza shahrining qator ishbilarmon, akademik va madaniy guruhlari ishtirokida elchixonada «davra suhbati» tashkil etilgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Mintaqalararo munosabatlarga ramziy ma’no berish maqsadida Tuluza shahrida «O‘zbek bog‘i»ni yaratish taklifi ilgari surildi. «O‘zbek bog‘i»da dastlab mamlakatimizdan olib kelinadigan daraxt ko‘chatlari, keyinchalik esa uning hududida buyuk o‘zbek allomalari haykallarini o‘rnatish taklifi bildirildi.