
2022 yil 10-mart kuni “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi oʻzbek paxtasini global boykot qilish chaqirigʻi tugaganini eʼlon qildi. Bu bayonot “Cotton Campaign”ning yetakchi hamkori bo‘lgan Inson huquqlari bo’yicha O’zbek forumi tomonidan 2021 yilda paxta terimida o’tkazilgan mustaqil monitoring natijalariga asosan qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: 2011 yilda mazkur tashkiloting tomonidan birlashtirilgan 331 ta xalqaro brend va chakana sotuvchilardan iborat guruh paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnat bahonasida O’zbekistondan paxta mahsulotlariga boykot e’lon qilgan edi.
Koalitsiya aʼzolari ushbu tarixiy yutuq Oʻzbekiston hukumatining majburiy mehnatga barham berishga intilishi, shuningdek, Oʻzbek fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro inson huquqlari hamda transmilliy savdo brendlarining koʻp yillik mashaqqatli mehnati natijasi ekanini qayd etdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar qabul qilindi: Hukumat majburiy mehnatdan foydalanishni jinoiy javobgarlikka tortdi va paxta yetishtirish kvotalari bekor qildi. XMT va Jahon banki tavsiyalariga muvofiq, paxta terimchilarining ish haqi sezilarli darajada oshirildi va bu ko‘ngillilar sonining ko‘payishiga xizmat qildi.
2017-yildan buyon O‘zbekiston hukumati “paxta boykoti”ni bartaraf etish maqsadida koalitsiya a’zolari bilan progressiv muloqot olib bormoqda. 2019-yil iyun oyida o‘tkazilgan qator uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha koalitsiya O‘zbekiston hukumatiga paxta sanoati sohasida majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha keng qamrovli qarashlarni aks ettiruvchi “islohotlar bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni taqdim etdi.
“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiya press-relizining toʻliq matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:
Eslatib o‘tish joizki, 2021-yil aprel oyida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimining benefitsiari maqomini oldi, ya’ni 10-aprel sanasidan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlar import tariflaridan to‘liq ozod qilinadi. Shunigdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi ham ko‘rib chiqilmoqda.
“Cotton Campaign” tomonidan oʻzbek paxtasiga global boykot eʼlon qilish chaqirigʻining toʻxtatilishi va “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimining benefisiari maqomi Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi, xususan, Fransiya bilan oʻzaro savdosi uchun yangi ufqlarni ochadi.
Shu munosabat bilan, Elchixona O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi iqtisodiy va tijoriy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun fransuz kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishga tayyor.
Shu munosabat bilan, Elchixona O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi iqtisodiy va tijoriy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun fransuz kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qiladi.