
Ushbu amaliy safar mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) «Huquqiy islohotlar» dasturi doirasida tashkil etildi.
Safarning dastlabki kuni mamlakatimiz delegatsiya aʼzolari Fransiya Davlat kengashi (Conseil d‘État) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Fransiya Davlat kengashi mamlakat prezidenti huzurida tashkil etilgan bo‘lib, maʼmuriy nizolarni hal qilish bo‘yicha oliy vakolatli organ hisoblanadi. U maʼmuriy organlarning qarorlaridan norozilik bo‘yicha berilgan maʼmuriy shikoyatlarni, hukumat tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihalarini parlamentga kiritishdan oldin ko‘rib chiqadi. Shuningdek, maʼmuriy tartib-taomillar sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni, shu jumladan, maʼmuriy organlarning bekor qilinayotgan qarorlarining bekor bo‘lishiga olib kelayotgan sabablarini tadqiq qilish ham Davlat kengashining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
O‘zbekiston tomoni Fransiya Davlat kengashining Maʼmuriy hujjatlar bo‘yicha komissiyasi prezidenti Jan-Lyuk Nevash, sud ishlarini yuritish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Kristin Mogyuye, Davlat kengashi Bosh kotibi o‘rinbosari Silvan Xambert, Huquqiy tadqiqotlar departamenti rahbari Martin de Buasdefre bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Fransiya tomoni so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda maʼmuriy tartib-qoidalarni rivojlantirish, maʼmuriy sudlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar bilan tanishtirildi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida Fransiya Davlat kengashining maʼmuriy nizolarni hal qilishdagi o‘rni, uning faoliyat yo‘nalishlari, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida nizolarni sudgacha hal qilishda mediatsiya mexanizmlarini qo‘llash tartiblari, fuqarolarni davlat organlarining noqonuniy qarorlaridan himoya qilish vositalarini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining amaliy safari dasturida Parij tribunali va Davlat xizmati milliy institutida uchrashuvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.