

Muloqot davomida ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va innovatsiya sohalarida yangi imkoniyatlar eshigi ochilishi ma’lum qilindi. Yoshlar uchun imtiyozli kreditlar, grantlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va kasb-hunarga o‘qitish dasturlarini kengaytirish kabi tashabbuslar mamlakat taraqqiyotining inson kapitaliga tayangan modelini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yoshlarga qaratilayotgan bunday e’tibor mamlakat kelajagiga qaratilgan eng to‘g‘ri investitsiyadir. Ayniqsa, yosh qizlar tadbirkorligini rag‘batlantirish orqali nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratiladi, balki oilalar farovonligi ham mustahkamlanadi. Bugun ko‘plab iqtidorli qizlarimizda g‘oya bor, g‘ayrat bor, ammo moliyaviy resurs va amaliy ko‘mak yetishmaydi.
Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan startap va imtiyozli kredit dasturlari aynan shu to‘siqni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bu tashabbus yosh ayollarni biznes muhitiga keng jalb qilish uchun yangi bosqichni boshlab beradi. Yosh ayollarning biznesga faol kirib kelishi esa jamiyatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omildir. Moliyaviy imtiyozlar bilan bir qatorda bilim va amaliy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan dasturlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bu uchrashuvdan ruhlangan holda biz ham yosh ayollar uchun maxsus o‘quv kurslari, mentorlik dasturlari, loyiha yozish va grant jalb etish bo‘yicha treninglar hamda bozorga chiqish jarayonida maslahat xizmatlarini kengaytirishni reja qildik.
Bu sa’y-harakatlar davlat rahbari belgilab bergan vazifalar ijrosiga munosib hissa qo‘shadi, degan ishonchdamiz. Zero, bugun yaratilayotgan imkoniyatlar ertaga yangi ish o‘rinlari, yangi korxonalar va yangi yutuqlarga aylanadi.
Yoshlarga imkoniyatlar eshigi keng ochilgan jamiyatda taraqqiyot barqaror bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tkazgan samimiy uchrashuvi ana shu ezgu maqsad sari tashlangan yana bir muhim qadam sifatida tarixda qoladi.
Gulnora Mahmudova,
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon
ayollar assotsiatsiyasi raisi