
Mazkur kelishuv doirasida issiqlik ta’minoti infratuzilmasini bosqichma-bosqich yangilash, tizimning energiya samaradorligini oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.
Ushbu hamkorlik kommunal xizmatlar sohasida zamonaviy boshqaruv standartlarini joriy etish va yo‘qotishlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hamkorlik doirasida Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesi issiqlik tizimini modernizatsiya qilish pilot loyiha sifatida tanlab olindi.
Loyiha doirasida 76 kilometr issiqlik tarmoqlari to‘liq qayta tiklanadi. Ko‘p kvartirali uylar va ijtimoiy soha binolariga 380 ta individual issiqlik punkti o‘rnatiladi.
Tashabbusning asosiy maqsadi aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash, tizimdagi yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish hamda ekologik jihatdan toza, “yashil” energiya yechimlarini joriy etishdan iborat. Shuningdek, loyiha orqali kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash, energiya tejamkorligini oshirish va hududda zamonaviy infratuzilma tizimini shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu hamkorlik O‘zbekistonning kommunal infratuzilma sohasida xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA