Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zini o‘zi band qilgan aholi daromad solig‘idan ozod qilinadi - O'zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasi

O‘zini o‘zi band qilgan aholi daromad solig‘idan ozod qilinadi



Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlariga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

Kasallikni yuqtirgan 2 ming 802 nafar fuqaromizdan 2 ming 314 nafari yoki 82 foizi butunlay sog‘aygani, bu kurashda chinakam jasorat ko‘rsatayotgan 23 ming nafar tibbiyot xodimlariga jami 78 milliard so‘mdan ziyod rag‘batlantirish puli to‘lab berilgani aytildi.

– Kasallikka qarshi kurashish bilan birga, chet ellardagi fuqarolarimiz haqida ham qayg‘uryapmiz. Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida og‘ir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam ko‘rsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlarida faollik tiklanmoqda. Misol uchun, oxirgi haftada tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektr energiyasi iste’moli 13 foizga ko‘paygan. Shuningdek, oxirgi ikki haftada birjada sement savdosi oldingi oyning shu davriga nisbatan 104 ming tonnaga, yoqilg‘i mahsulotlari 74 ming tonnaga, qurilish oynasi 60 ming kvadrat metrga oshgan.

Epidemiologik holatdan kelib chiqib, hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratgan holda, 110 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektining faoliyatiga ruxsat berildi, 600 mingdan ziyod xodimlar ish joyiga qaytdi.

Umuman, so‘nggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.

18-may kuni davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari va 100 mingga yaqin aholiga qo‘shimcha 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi.

– Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, nima sharoit yaratish zarur bo‘lsa, barchasini qildik. Endi iqtisodiyot va investitsiya komplekslari, sektor rahbarlari quyi tizimda ushbu imtiyozlarning har bir tadbirkor va fuqarogacha yetib borishini ta’minlashi kerak, – dedi Prezident.

Respublika komissiyasiga sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, qolgan 40 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ham bosqichma-bosqich ruxsat berish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatimizning 38 ta tumani “qizil” zonada qolayotgani bois karantin qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi.

Pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash zarur.

Yig‘ilishda bu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.

– Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qo‘yilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.