
Shu yil 11-14-sentyabr kunlari Fransiya poytaxti Poytaxtida yirik gastronomik festival – "Village International de la Gastronomie" bo'lib o'tdi
Ushbu xalqaro gastronomik festival Eyfel minorasi yonidagi Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirak nomi bilan atalgan Sena daryosi qirg'og'ida tashkil etildi.
Bu yil yettinchi bor o'tkazilayotgan xalqaro gastronomik festival parijliklar, xorijlik sayyohlarga ishtirokchi mamlakatlarning hunarmandchilik madaniyati va musiqasi, milliy taomlari bilan tanishish imkonini berdi.
Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida "Chustiy Group" kompaniyasi va Buxoro viloyatidan kelgan bir guruh hunarmandlar ishtirokida festivalda O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi.
Gastronomik qishloqning 4 kunida oshpazlar Baxriddin Chustiy va Baxrom Babaxonov o'zbek palovini tayyorladilar. Tashkilotchilar o'zbek oshpazlariga qozonda va o'tinda palov pishirishga ruxsat berishdi.
O'zbek palovini tayyorlash jarayoni mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi, shuningdek, elektron ommaviy axborot vositalari, xususan, "France 3", "M 6" va boshqa telekanallar tomonidan keng yoritildi.
Shuningdek, yurtimiz stendida o'zbek milliy oshxonasining boshqa taomlari, quritilgan mevalar, shirinliklar va vino mahsulotlari namoyish etildi.
Buxorolik hunarmandlar an'anaviy kashtado'zlik, adras matolari, zargarlik buyumlari va esdalik sovg'alaridan tayyorlangan mahsulotlarni taqdim etishdi. Shuningdek, O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini, yangi turyo'nalishlar va turizm mahsulotlariga oid bosma mahsulotlar namoyish etildi.
Parijdagi gastronomik festivalda mamlakatimiz vakillarining faol ishtirok etgani Yangi O'zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, sayyohlik almashinuvini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Frederik Bopertuis-Bressan, Temuriylar san'ati va tarixini o'rganish assotsiatsiyasi prezidenti va hammuassisi:
– Men gastronomik festivalda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Juda chiroyli va boy bezatilgan stendni taqdim etgan O'zbekiston ushbu tadbirda munosib o'rin egallaganini ta'kidlayman. Mashhur o'zbekistonlik oshpaz Baxriddin Chustiy mamlakatingizdan olib kelingan masalliqlar asosida juda mazali palov tayyorladi, men uni maza qilib tanovul qildim.
Xabaringiz bor, o'zbek palovi YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan. Bu juda ajoyib, chunki palov nafaqat ajoyib milliy taom, balki beqiyos o'zbek xalqi mehmondo'stligining ramzidir. Axir o'zbek xonadoniga kirsang, birinchi navbatda palov taklif qiladilar. Parijliklar va festival mehmonlariga ushbu milliy taomni tatib ko'rish imkoniyatini yaratganingiz uchun minnatdorlik bildiraman.
O'zbekiston milliy pavilyonida milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.
Marin Barrat, festival ishtirokchisi:
– Ushbu gastronomik festivalda O'zbekiston stendi meni maftun etdi, bu esa o'tgan yili mamlakatingizga qilgan sayohatim haqidagi ajoyib xotiralarni eslatdi.
Men O'zbekistonda mehmondo'st aholini uchratdim, ularning turmush tarzi va madaniyatini o'rgandim. Toshkent, Samarqand bozorlarida sayr qilish menga zavq bag'ishladi, ham bugun yana o'sha muhitni his qildim.
Mamlakatingiz bo'ylab sayohat qilish juda yoqdi. O'zbekiston bo'ylab poyezdda, mashinada sayohat qildim, piyoda ham yurdim, chunki men piyoda yurishni yaxshi ko'raman. O'zbekistonga sayohatim shunchaki ajoyib edi, yurtingiz haqidagi yaxshi xotiralar men bilan birga abadiy qoladi. O'zbekiston xalqiga o'z salomlarimni yo'llayman va sizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman, Parijga xush kelibsiz.
Bill Mers, Gavayidagi Heavenly Coffee Farms (AQSh) boshqaruvchi direktori:
– Biz shu hafta oxirida Parijga xalqaro qahva tanlovini ishtirok etish uchun keldik. Ammo kutilmaganda O'zbekistonning an'anaviy oshxonasi taqdimoti markaziga tushib qoldik. Va biz budan juda xursandmiz. Xalqingizning san'ati, taomlari va madaniyati shunchaki hayratlanarli. Odamlar bu haqda bilishlari kerak.
Men bu yerda ekanligimdan ayniqsa xursandman, chunki siz Samarqand, Buxoro va boshqa buyuk tarixiy shaharlaringizdan Parij va boshqa G'arb mamlakatlariga olib kelgan madaniyat va an'analaringiz mutlaqo betakrordir. Qo'shma Shtatlarda bizda bunday narsa yo'q va shuning uchun biz sizdan o'rganishimiz mumkin va kerak. Katta rahmat.